MOTURIDIYA VA ASH’ARIYA MAZHABLARI

MOTURIDIYA VA ASH’ARIYA MAZHABLARI

MOTURIDIYA VA ASH’ARIYA MAZHABLARI

MOTURIDIYA VA ASH’ARIYA MAZHABLARI ORASIDAGI BAZ’I FARQLI QARASHLAR

Ahli sunna val jamoa mazhabining ikki katta imomlarining aqidalarini solishtirib ko’rgan shayx Muhammad Abduh ikki tomonning o’ttizga yaqin  masalada ixtilofli ekanligini, ammo aksar ulamolarning bular faqat lafzda ekanini, javhar esa, tamoman bir-biriga o’xshash ekanini ta’kidlashlarini qayd qilgan.

Bu masalani chuqur o’rgangan mutaxassislardan Ahmad Amin o’zining “Zuhrul Islom” nomli kitobining 4-juzida: “Moturidiy va Ash’ariy mazhablari orasidagi farqli masalalar haqida alohida kitoblar ham yozilgan. Ba’zilar ularni qirqta masalaga yetkazgan”, degan. Shu bilan birga, Ahmad Amin kabi boshqa olimlar ham mazkur masalalardagi farqlanishni xilof deb bo’lmasligini ta’kidlab: “Menimcha ularning orasidagi farqli qarashlar lafziy bo’lgan, xolos”, deydi.

Moturidiy va Ash’ariylar farqli qarashgan masalalarning bu shaklda bo’lishi ikki imomning o’zlari ergashgan fiqhiy mazhablar ta’siridan ekani ochiq-oydin  ko’rinib turadi.

         Alloh taoloning kalomi haqida

Imom Moturidiy e’tiqodida: “Alloh taoloning kalomi eshitiluvchi emas,  eshitiluvchi narsa Alloh taoloning kalomiga dalolat qiluvchi.”

Imom Ash’ariy e’tiqodida: “Alloh taoloning kalomi eshitiluvchi, xuddi Muso  alayhissalom hikoyasidagi kabi”.

Ibn Favrik aytadi: “Qori qiroat qilgan paytdagi eshitiligan narsa ikki xil  bo’ladi”. Qorining ovozi va Alloh taoloning kalomi. Imom Moturidiy nazdida  albatta, Alloh taolo odatiy yaratadigan narsalardan (quloq, ko’z, burun kabi) insonning o’zida yoki a’zosida bir idrokni yaratadi. Bu idrok Alloh taoloning kalomiga dalolat qiladi. Bunda tovushlar, harflar kabi odatiy yaratish sabablari  shart qilinmaydi. Masalan, Alloh taolo bandada bir idrokni yaratadi, bu idrok  quloq emas, lekin eshitadi. Tabiiyki, Imom Ash’ariy ham Alloh taolo ovozni yaratib undan keyin o’sha ovozni eshitadigan nafsiy kalomga dalolat qiluvchi  idrokni yaratishni rad qilmaydi.

Alloh taoloning kalomini eshitish ma’nosi Imom Ash’ariy nazdida, a’zo bilan bog’liq bo’lgan tovushni yaratadi va bu tovush esa qadim sifatiga dalolat qiladi.

Imom Ash’ariy e’tiqodiga ko’ra, bu ma’no bilan Alloh taoloning kalomi eshitiladi.

Baxtli  inson  baxtsiz  bo’lishi,  baxtsiz  inson  baxtli  bo’lishi  haqida

Imom Moturidiy: “Gohida baxtli inson baxtsiz, baxtsiz inson esa baxtli bo’ladi”, dedilar.

Imom Ash’ariy: “Baxtli va baztsizlikni xotima payti bilan e’tibor qildilar”.

Imom Moturidiy: “Insonning baxtliligini islom bilan ta’rifladilar. Ya’ni, kishi musulmon bo’lib turgan holida baxtlidir. Baxtsizlik esa – kufrdir. Ya’ni, kishi kofir holida baxtsizdir. Agar inson musulmon holida o’lsa, u baxtlidir, agar kofir holida o’lsa, u baxtsizdir”, dedilar. 

Imom  Ash’ariy: “Insonning baxtliligini musulmon holda vafot etish bilan ta’rifladilar. Ya’ni, inson musulmon holida  olamdan o’tsa, baxtli hisoblanadi, kufr keltirgan holda vafot etsa, baxtsiz hisoblanadi”. Imom Ash’ariy baxtlilik va baxtsizlik tushunchasini vafot etish holati bilan e’tibor qildilar. Ya’ni, uning vafoti islom ustida bo’ldimi yoki  kufr  ustidami? Inson umri davomida musulmon  holida bo’ladi va vafotidan oldin kufr keltiradi, oxiratda esa baxtsiz bo’ladi.  Gohida inson umri davomida kufrda bo’ladi, so’ng vafoti oldidan musulmon bo’ladi va islomda vafot etadi, u esa oxiratda baxtli bo’ladi. Imom Ash’ariy nazdida baxtlilik va baxtsizlikning e’tibori oxirgi holati, ya’ni vafot etgandagi  holat bilan e’tiborga olinadi.

Payg’ambar alayhimussalomlarning gunohlardan pokligi haqida

Ash’ariylar aytadi: “Payg’ambarlar vahiydan oldin ya’ni, rasul va payg’ambar bo’lmagan paytlarida kufrdan boshqa gunohlardan ma’sum bo’lmaganlar.  Shuningdek,  vafotlaridan  so’ng  ham  payg’ambar  bo’lmaydi”.

Ahli  sunna  val  jamoa  aytadi:  “Payg’ambarlar alayhimussalom  vahiydan  oldin yani, payg’ambar bo’lamagan paytlarida gunohlardan ma’sum bo’lishlari  vojib. Rasul ham, payg’ambar ham vahiydan oldin ishonchli, omonatdor bo’ladi. Vafotlaridan keyin ham shunday bo’ladi. Bunga dalil Iso alayhissalom haqida xabar berib aytgan so’zidir:

فَأَشَارَتْ إِلَيْهِ قَالُوا كَيْفَ نُكَلِّمُ مَنْ كَانَ فِي الْمَهْدِ صَبِيًّا  قَالَ إِنِّي عَبْدُ اللَّهِ آَتَانِيَ الْكِتَابَ وَجَعَلَنِي نَبِيًّا 

“Shunda (Maryam o’zi gapirmay, bolasiga) ishora qildi. Ular aytdilar: «Bеshikdagi go’dak bilan qanday so’zlashurmiz?!» (Shu payt chaqaloq tilga kirib) dеdi: «Mеn Allohning bandasidirman. (U) mеnga Kitob (Injil) ato etdi va mеni payg’ambar qildi”.

Ma’lumki, vahiy – yosh go’dak bolalarga tushmaydi, kitob payg’ambar bo’lgan rasulga beriladi. Kim buni inkor qilsa kofir bo’ladi”.

Alloh taolo Ibrohim alayhissalom haqida shunday xabar beradi:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا الْبَلَدَ آَمِنًا وَاجْنُبْنِي وَبَنِيَّ أَنْ نَعْبُدَ الْأَصْنَامَ

(Ey, Muhammad!) Eslang, Ibrohim aytgan edi: «Ey, Rabbim! Bu shaharni (ya’ni, Makkani) tinch qilgin, mеni va avlodlarimni sanamlarga sig’inishdan yiroq qilgin!”

فَلَمَّا رَأَى الْقَمَرَ بَازِغًا قَالَ هَذَا رَبِّي

Chiqayotgan Oyni ko’rib: «Mana shu – rabbim», – dеdi.

Ibrohim alayhissalom quyosh va yulduzlar haqida shu kabi so’zlarni aytgan. Yusuf alayhissalom Rabbisiga quyidagicha duo qildi:       تَوَفَّنِي مُسْلِمًا وَأَلْحِقْنِي بِالصَّالِحِينَ

“(Ajalim yеtganida) musulmon holimda vafot ettir va mеni solihlar (qatori)ga  qo’shgin!”

Og’a-inilari Yusuf alayhissalomni arzimagan pulga sotib yubordilar. Aslida, hur kishini sotish harom. Agar payg’ambarlar haqida vahiydan oldin gunohdan ma’sum bo’lishi vojib bo’lganida va ular vahiydan oldin payg’ambar bo’lganida, ular tomonidan bunga o’xshash ishlar joiz bo’lmas edi”.

Bu e’tirozlarga javob berib aytish mumkinki: هَذا رَبِى oyati “Bu Rabbimmi?”  ma’nosidadir. Ba’zi ulamolar aytadi: Ibrohim alayhissalom kofirlar ustidan istehzo qilish uchun shunday dedi. Boshqa ulamolarning so’zlariga ko’ra, Ibrohim alayhissalom oyning chiqayotganini ko’rganida uning bir yaratuvchisi borligini bildi, so’ng “mana (shu oyning yaratuvchisi) – Rabbim dedi. Ali ibn Abu Tolibdan  (karramallohu vajhahu) rivoyat qilinadi: “Men biror narsaga nazar qilsam, albatta unda Allohni ko’raman”, ya’ni uning yaratilishida Allohni taniyman. Shu ma’noga ko’ra Ibrohim alayhissalom oyning yaratuvchisini iroda qilib shunday degan.

 وَاجْنُبْنِي وَبَنِيَّ أَنْ نَعْبُدَ الْأَصْنَامَ oyatiga kelsak, bu duodir. Payg’ambarlarning bunday duo qilishi joiz. Chunki pay’ambarlarning Allohni tanishi boshqalarga qaraganda kuchliroq bo’ladi. Chunki ular boshqalar ko’rmaydigan narsalarni ko’radi. Ular Allohning ulug’ligi, sultoni, haybati va jalolini yaxshiroq bilishgan. Holbuki, payg’ambar alayhimussalomlar yomon xotima xavfidan omonda bo’lishgan. Ammo bandalik qo’rqinchi ularni tark etmaydi. Alloh taoloning haybati va jalolidan qo’rqqanlari uchun shunga o’xshash duo qilganlar. Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga qabr azobi bo’lmasa ham, ular bu azoblardan panoh tilaganlar. Bu o’rinda ham shunga o’xshash bo’lgan.

                                        Taklif  va  toqat  haqida

Alloh taolo insolarni toqatlari yetmaydigan narsalarga taklif qilishi imom Moturidiy nazdida joiz emas, imom Ash’ariy nazdida esa joiz.

Imom Ash’ariy bunga dalil qilib quyidagi oyatni hujjat qilib keltiradi.

                             وَلَنْ تَسْتَطِيعُوا أَنْ تَعْدِلُوا بَيْنَ النِّسَاءِ وَلَوْ حَرَصْتُمْ

“Har qancha istasangiz ham xotinlaringiz o’rtasida adolatli (hammasiga bir xil munosabatda) bo’la olmaysiz.

Ularning mazkur dalillariga quyidagicha javob beriladi: 

وَلَنْ تَسْتَطِيعُوا أَنْ تَعْدِلُوا بَيْنَ النِّسَاء

“Har qancha istasangiz ham xotinlaringiz o’rtasida adolatli (hammasiga bir xil munosabatda) bo’la olmaysiz…” oyatida quvvat jihatidan yuzaga keladigan qudrat iroda qilinmagan, balki nafaqa manfaat yetkazishdagi qudrat iroda qilingan. Biz: “Odatda er kishida ayollarini rozi qilish va manfaat yetkazishda adolat qilish qudratining imkoni yo’q, ammo quvvat jihatidan adolat qilish qudrati yetishi mumkin”.

Alloh taolo payg’ambar alayhissalomdan xabar berib: رَبَّنَا وَلَا تُحَمِّلْنَا مَا لَا طَاقَةَ لَنَا بِه

     …“Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama!”, dedi. Agar toqatdan tashqari ishga taklif qilish joiz bo’lmaganida Payg’ambar alayhissalom tomonidan bunday duo qilish joiz bo’lmas edi. U zot alayhissalom shunday duo qilganlar va bu  joizdir.

Imom Moturidiy nazdida: “Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama!” oyatidan “bizga doimiy mashaqqat bo’ladigan ishlar” ma’nosi iroda qilingan, xuddi oldingi ummatlarga bo’lgani kabi, deyilgan. Chunki Alloh taolo oldingi ummatlarning zimmalariga toqati yetmaydigan ishlarni yuklamagan, balki bajarishi qiyin bo’lgan ishlarni yuklagan. Shuning uchun Payg’ambar alayhissalom Alloh taolodan bajarish qiyin bo’lgan ishlarni yengillatishini so’radilar. Bu bilan toqati yetmaydigan ishga taklif qilish lozim bo’lmaydi.

Jo’rayev   Abdumutal